ERP

ERP tizimi nima va u qachon kerak bo'ladi

Shahbozbek UsmonovShahbozbek Usmonov
Nashr etildi: 18-avgust, 20268 daqiqa o'qish
Ulashish
ERP tizimi nima va u qachon kerak bo'ladi
Maqolada

Har korxonada bir kun shunday holat yuzaga keladi: ombor boshlig'i bir raqamni aytadi, buxgalteriya boshqasini, sotuv bo'limi esa uchinchisini. Uchalasi ham aldamayapti - shunchaki har biri o'z faylida ishlaydi.

Aynan shu paytda "bizga ERP kerakmi" degan savol tug'iladi.

Bu maqola shu savolga javob beradi: ERP nima, u qanday muammolarni yechadi, qachon kerak, qachon kerak emas, qancha turadi va joriy qilish qanday ketadi.

Qisqa javob. ERP - bu korxonaning barcha operatsion jarayonlarini bitta ma'lumotlar bazasida birlashtiradigan tizim. Ombor, sotuv, ishlab chiqarish, kassa va ish haqi bir joyda ishlaydi, ma'lumot bir marta kiritiladi. U 30-50 xodimdan boshlab oqlanadi. O'zbekistonda tayyor tizim bazasida $5,000-9,000, noldan qurish $45,000-90,000 turadi.

ERP nima va nima emas

ERP - Enterprise Resource Planning, ya'ni korxona resurslarini rejalashtirish. Nomi eskirgan, chunki hozirgi ERP faqat rejalashtirish emas - u kundalik operatsiyalarni yuritadi.

Amaliy tilda ERP shu: bitta ma'lumotlar bazasi, ustida bir necha modul.

Sotuvchi buyurtma kiritganda, ombor qoldig'i darhol kamayadi. Ombordan mahsulot chiqarilganda, hisob-faktura shakllanadi. Xodim ishga kelganda, davomat qayd etiladi va oy oxirida ish haqi shu asosda hisoblanadi. Hech kim hech narsani ikkinchi marta kiritmaydi.

ERP nima emas:

  • Buxgalteriya dasturi emas. Buxgalteriya rasmiy hisobotni yuritadi, ERP esa operatsiyani. Ular integratsiya orqali bog'lanadi, bir-birini almashtirmaydi.
  • CRM emas. CRM mijoz va bitim bilan ishlaydi. ERP ichida sotuv moduli bo'lishi mumkin, lekin sotuv voronkasini yuritish CRM ishi.
  • Sehrli tayoq emas. Tartibsiz jarayonni ERP ga solsangiz, natijada raqamlashtirilgan tartibsizlik chiqadi.

ERP qanday muammolarni yechadi

Quyidagi jadval - eng ko'p uchraydigan holatlar. Chap ustunda hozirgi holat, o'ngda ERP dan keyin.

HozirERP bilan
Qoldiq kun oxirida ma'lum bo'ladiQoldiq real vaqtda ko'rinadi
Bir mahsulot ikki mijozga sotib qo'yiladiBuyurtma kiritilganda tovar zaxiraga olinadi
Ish haqi hisobi uch kun oladiDavomatdan avtomatik hisoblanadi
Har bo'lim o'z Excel faylini yuritadiBitta baza, har bo'lim o'z ekranini ko'radi
Kim nima o'zgartirganini bilib bo'lmaydiHar amal jurnalda qayd etiladi
Hisobot yig'ish uchun bir kun ketadiHisobot bir necha soniyada chiqadi
Xodim ketsa ma'lumot ham ketadiMa'lumot tizimda qoladi

Eng katta o'zgarish oxirgi ikki qatorda. Qolganlari vaqt tejaydi, bu ikkitasi esa biznesni odamga bog'liqlikdan chiqaradi.

Qachon ERP kerak: beshta belgi

  • Xodim soni 30 dan oshdi va bo'limlar bir-birining ma'lumotini ko'rmaydi
  • Bir xil ma'lumot kuniga bir necha marta qo'lda kiritiladi
  • Oylik hisobot tayyorlash uchun bir necha odam bir necha kun sarflaydi
  • Ombor qoldig'i yoki qarzdorlik bo'yicha bahs oyiga bir necha marta chiqadi
  • Yangi filial yoki yo'nalish ochmoqchisiz va hozirgi tartib ko'chirilmaydi

Uchtasi bo'lsa - o'ylash vaqti keldi. To'rttasi bo'lsa - siz allaqachon pul yo'qotayapsiz.

Hisoblab ko'ring. Ish haqi hisobi har oy uch kun oladi deylik. Buxgalter maoshi $500. Uch kun - taxminan $70. Yiliga $840. Bunga ombor bahslari, kechikkan qarorlar va yo'qolgan buyurtmalar qo'shiladi. 50 xodimli korxonada bu raqam odatda yiliga $5,000-15,000 atrofida chiqadi.

Qachon ERP kerak emas

Bu bo'lim ko'p maqolalarda yo'q, chunki ERP sotuvchilarga foydali emas. Lekin uni bilish kerak.

Xodim soni 20 dan kam bo'lsa. Bunday korxonada odamlar bir-biri bilan to'g'ridan-to'g'ri gaplashadi. Tizim qo'shimcha yuk bo'ladi, foyda esa kam. Yaxshi tuzilgan Excel va bitta oddiy ombor dasturi yetadi.

Jarayonlaringiz hali shakllanmagan bo'lsa. Agar har oy ish tartibi o'zgarayotgan bo'lsa, ERP ni qotirib qo'yish erta. Avval jarayonni barqarorlashtiring.

Faqat bitta muammo bo'lsa. Masalan, faqat davomat nazorati kerak bo'lsa - butun ERP shart emas, alohida tizim yetadi va u o'n barobar arzon.

Rahbariyat o'zgarishga tayyor bo'lmasa. ERP jarayonni o'zgartiradi. Agar "hammasi eskicha qolsin, faqat kompyuterda bo'lsin" degan talab bo'lsa - loyiha muvaffaqiyatsiz tugaydi.

ERP modullari: qaysi biri sizga kerak

Hamma modul birdan kerak emas. Odatda ikki-uch moduldan boshlanadi.

ModulNima qiladiKimga birinchi navbatda
OmborKirim, chiqim, qoldiq, inventarizatsiyaDeyarli hammaga
Sotuv va buyurtmaBuyurtma, hisob-faktura, mijoz bazasiSavdo va distribyutsiya
Ishlab chiqarishReja, resurs, tannarx hisobiIshlab chiqarish korxonalari
Kassa va hisob-kitobPul harakati, qarzdorlikDeyarli hammaga
Ish haqiDavomatga bog'langan hisob50+ xodimli korxonalar
Xarid va ta'minotTa'minotchi, buyurtma, narx tarixiIshlab chiqarish va savdo
HisobotBarcha moduldan analitikaDeyarli hammaga

Amaliy maslahat: eng ko'p og'riq keltirayotgan ikkita moduldan boshlang. Uch oy ishlating, keyin keyingisini qo'shing. Bir vaqtda yetti modulni joriy qilish - xodimlar uchun juda katta o'zgarish va qarshilik kuchayadi.

Tayyor ERP yoki noldan qurish

Bu eng ko'p beriladigan savol va javobi jarayoningizga bog'liq.

Tayyor tizimni moslash

Jarayoningiz bozordagidek bo'lsa to'g'ri keladi. Tizim allaqachon ishlab turibdi va boshqa korxonalarda sinovdan o'tgan.

  • 3-4 hafta
  • $5,000-9,000
  • Riski past - mahsulot ishlayotgani ma’lum
  • Cheklov: mavjud mantiqqa moslashasiz

Noldan qurish

Jarayoningiz sizning raqobat ustunligingiz bo'lsa to'g'ri keladi.

  • 14-16 hafta
  • $45,000-90,000
  • Riski yuqoriroq, lekin to’liq moslashuvchan
  • Har narsa sizning tartibingizga quriladi

Eng ko'p uchraydigan xato - teskarisi. Oddiy ombor hisobi uchun noldan tizim quriladi, o'ziga xos ishlab chiqarish jarayoni esa tayyor shablonga tiqishtiriladi. Ikkalasi ham pul yo'qotadi.

To'g'ri savol shunday: bu jarayon meni raqobatchidan ajratadimi? Ajratmasa - tayyor yechim. Ajratsa - noldan.

Qancha turadi va qancha vaqt oladi

O'zbekiston bozoridagi real oraliqlar:

$5,000-9,000Tayyor tizim bazasida, 3-4 hafta
$45,000-90,000Noldan, 6-10 modul, 14-16 hafta

Narxga ta'sir qiladigan omillar:

OmilTa'siri
Modullar soniHar qo'shimcha modul 1-3 hafta
IntegratsiyalarHar biri 1-3 hafta
Filiallar soniKo'p filial - alohida sozlash
Ma'lumot migratsiyasi hajmiEski tizim formatiga bog'liq
Xodimlarni o'qitishGuruh soniga qarab

Byudjetga kirmaydigan xarajatlar: server yoki hosting (oyiga $50-300), uchinchi tomon litsenziyalari, SMS xizmati. Bularni taklif olayotganda alohida so'rang.

Joriy qilish qanday ketadi

Yaxshi loyiha oltita bosqichdan iborat.

01
Discovery
2 hafta
02
Arxitektura
03
Sprintlar
04
Test
05
Ishga tushirish
06
Qo'llab-quvvatlash

1. Discovery va skoup - 2 hafta. Jarayon o'rganiladi, yozma hujjat tayyorlanadi, aniq byudjet chiqadi. Bu bosqich pullik bo'lishi normal - u sizga qanday tizim kerakligini aniqlaydi va hujjat sizniki bo'ladi.

2. Arxitektura. Ekranlar, ma'lumotlar modeli, texnologiya tanlovi.

3. Sprintlar. Har ikki haftada ishlaydigan versiya topshiriladi. Siz uni ochib ko'rasiz, fikr bildirasiz. Bu eng muhim shart - hisobot o'qish emas, tizimni ochib ko'rish.

4. Test. Checklist bo'yicha tekshiruv, yuklama va xavfsizlik.

5. Ishga tushirish. Deploy, ma'lumot migratsiyasi, xodimlarni o'qitish.

6. Qo'llab-quvvatlash. Kafolat davri, keyin SLA shartnomasi bo'yicha.

Nega ERP loyihalari muvaffaqiyatsiz tugaydi

Bizning tajribamizda uchta asosiy sabab bor va ularning hech biri texnik emas.

Skoup boshida yozilmagan. "Yo'l-yo'lakay aniqlashtiramiz" deb boshlanadi, keyin har hafta yangi talab qo'shiladi. Har talab ikki hafta qo'shadi. O'n marta qo'shildi - yigirma hafta ketdi va byudjet ikki barobar oshdi.

Ichkarida tarafdor yo'q. Tizim yuqoridan tushiriladi, xodimlar bir kuni kelib yangi ekranni ko'radi va qarshilik qiladi. Yechim oddiy: loyiha davomida har bo'limdan bir-ikki xodimni jalb qiling. Ular fikr bildiradi va keyin hamkasblariga o'rgatadi.

Migratsiya oxiriga qoldirilgan. Yangi tizim tayyor, lekin besh yillik ma'lumot eski dasturda qolgan. Migratsiya alohida ish va u qimmat. Uni boshida rejalashtiring va sinov migratsiyasini birinchi oyda qiling.

Xodim yangi tizimdan qo'rqmaydi - u nazoratdan qo'rqadi, chunki endi kim nima qilgani ko'rinadi. Shuning uchun tizimni "nazorat quroli" deb tanishtirmang. Har xodimga uning ishini nima yengillashtirishini ko'rsating.

ERP tanlashdan oldin beriladigan savollar

Taklif olayotganda quyidagilarni so'rang:

  • Mening tarmog’imda ishlayotgan mijozingiz bormi va u bilan gaplashsam bo’ladimi?
  • Ishlab turgan tizimni jonli ko’rsata olasizmi - demo emas, real foydalanuvchi bilan?
  • Ma’lumot migratsiyasi narxga kiradimi va qancha vaqt oladi?
  • Kod va ma’lumotlar bazasi kimga tegishli bo’ladi?
  • Topshirgandan keyin qo’llab-quvvatlash bormi va qancha turadi?
  • Xodimlar ishlatmasa nima qilasiz?

Oxirgi ikkitasi eng muhimi va odatda unutiladi.

Xulosa

ERP - dastur emas, jarayon qarori. U 30-50 xodimdan boshlab oqlanadi va faqat jarayonlaringiz barqaror bo'lganda ishlaydi.

Boshlash uchun uchta qadam:

  1. Eng ko'p vaqt yeyayotgan ikkita jarayonni aniqlang va ular oyiga qancha turishini hisoblang
  2. Jarayoningiz bozordagidek yoki noyob ekanini hal qiling - bu tayyor tizim yoki noldan qurish savoliga javob beradi
  3. Discovery bosqichidan boshlang. Ikki hafta va aniq hujjat - undan keyin narx ham, muddat ham taxmin emas, hisob bo'ladi

Loyihangizni 30 daqiqada baholaymiz

Jarayoningizni ko'rib chiqamiz, tayyor tizim yoki noldan qurish kerakligini aytamiz va taxminiy muddat hamda byudjet bilan chiqasiz.

Loyihani muhokama qilish
Shahbozbek Usmonov

Shahbozbek Usmonov

ShahNur Software asoschisi va CEO. ERP, avtomatlashtirish va real ishga tushadigan dasturiy ta'minot haqida yozadi.

Kompaniya haqida

Loyihangizni 30 daqiqada baholaymiz

Loyihani muhokama qilish