
Maqolada
Portfolio har jamoada chiroyli. Slaydlar ham, saytdagi keys ham, mijoz logotiplari ham.
Muammo shu: bularning hech biri jamoa sizning loyihangizni bajara olishini isbotlamaydi. Portfolioda yakunlangan ish ko'rsatiladi, lekin u qanday ketgani - qancha cho'zilgani, byudjetdan oshganmi, mijoz mamnunmi - yozilmaydi.
Quyida sakkiz amaliy usul. Ular portfoliodan ancha ko'p narsa aytadi.
Qisqa javob
Eng kuchli uchta usul: mijoz bilan bevosita gaplashish, jonli ishlayotgan tizimni ko'rish va kod yozadigan odam bilan uchrashish. Uchalasi ham bepul va ularni rad etish o'zi javob bo'ladi. Qolgan beshtasi shubhalarni aniqlashtiradi.
1. Mijoz bilan bevosita gaplashing
Eng kuchli usul va u ko'pincha o'tkazib yuboriladi.
Sizning tarmog'ingizdagi mijoz raqamini so'rang va unga qo'ng'iroq qiling. Uchta savol bering:
Loyiha rejadagi muddatda tugadimi? Kechikkan bo'lsa - qancha va nima uchun.
Byudjet oshdimi? Oshgan bo'lsa - qo'shimcha ish uchunmi yoki noto'g'ri baholanganimi.
Muammo chiqqanda qanday hal qilindi? Bu eng muhim savol. Har loyihada muammo chiqadi - farq uni qanday hal qilishda.
"Mumkin emas, maxfiylik" degan javob ko'p narsani aytadi. Mamnun mijoz gaplashishga rozi bo'ladi.
2. Jonli tizimni ko'ring
Demo emas - real foydalanuvchilar bilan ishlayotgan tizim.
Demo har doim chiroyli: ma'lumot toza, xato yo'q, hamma tugma ishlaydi. Real tizimda esa haqiqiy holat ko'rinadi - qancha ma'lumot bor, tezlik qanday, interfeys qulaymi.
Iloji bo'lsa, tizimni foydalanuvchi ishlatayotganini ko'ring. Omborchi yoki sotuvchi undan qanday foydalanishi ko'p narsani ko'rsatadi.
3. Kod yozadigan odam bilan uchrashing
Muzokarada odatda sotuvchi yoki rahbar bo'ladi. Loyihani esa boshqa odam bajaradi.
Texnik rahbar yoki lead muhandis bilan uchrashishni so'rang. Uchrashuvda ikkita narsani tekshiring:
U sizning biznesingiz haqida savol beradimi? Yaxshi muhandis texnologiya haqida emas, jarayon haqida so'raydi. "Sizda ombor qanday yuritiladi", "kim qaror qabul qiladi" - bu to'g'ri savollar.
U murakkab narsani sodda tushuntira oladimi? Agar javoblar atamalar bilan to'lgan bo'lsa va siz hech narsa tushunmasangiz - loyiha davomida ham shunday bo'ladi.
4. Kelishmovchilik tarixini so'rang
To'g'ridan-to'g'ri so'rang: "Oxirgi marta loyiha yomon ketganda nima bo'ldi?"
Yaxshi jamoa aniq misol keltiradi va nima o'rgangani haqida gapiradi. Hech qachon muammo bo'lmaganini aytgan jamoa yoki tajribasi kam, yoki rostini aytmayapti.
Javobda nimaga e'tibor berish kerak: aybni faqat mijozga yuklaydimi yoki o'z ulushini tan oladimi.
5. Jamoa tarkibini aniqlang
- Loyihada nechta muhandis ishlaydi va ular boshqa loyihada bandmi
- Loyiha menejeri bormi va u nechta loyihani parallel yuritadi
- QA alohida odammi yoki dasturchilar o'zlari test qiladimi
- Jamoa shtatdami yoki har loyihaga yig'iladimi
- Kadr almashuvi qanday - oxirgi yilda nechta odam ketdi
Oxirgi savol nozik, lekin uni berish mumkin. Yuqori kadr almashuvi loyiha o'rtasida odam almashishini anglatadi va bu har doim muddatga ta'sir qiladi.
6. Hujjatlarini ko'ring
Ishga kirishishdan oldin ikkita hujjatni so'rang: skoup namunasi va shartnoma andozasi.
Bular ko'p narsa aytadi. Skoup namunasi batafsil va aniq bo'lsa - jamoa tartibli ishlaydi. Bir sahifalik umumiy tavsif bo'lsa - loyiha ham shunday ketadi.
Shartnomada qabul qilish mezoni, o'zgarish tartibi va kod mulki bandi bormi. Bo'lmasa - jamoa bu masalalar haqida o'ylamagan.
Discovery bosqichini pullik taklif qilgan jamoa odatda jiddiyroq bo'ladi. Bepul skoup yozadigan jamoa uni shoshib va yuzaki yozadi - chunki u to'lanmagan ish. Pullik tahlil esa batafsil chiqadi va u sizniki bo'ladi.
7. Kichik ish bilan sinang
Eng ishonchli tekshiruv - amalda ko'rish.
$45,000 lik loyihaga o'tishdan oldin $3,500 lik Discovery bosqichidan boshlang. Ikki hafta ichida siz quyidagilarni ko'rasiz:
| Nimani ko'rasiz | Nega muhim |
|---|---|
| Muddatga rioya qiladimi | Ikki haftani ushlolmasa, o'n olti haftani ham ushlolmaydi |
| Muloqot qanday | Har kuni javob beradimi yoki bir hafta jim turadimi |
| Hujjat sifati | Skoup batafsilmi yoki umumiy |
| Savol berish uslubi | Jarayonni tushunishga harakat qiladimi |
Bu bosqichdan keyin siz jamoani almashtira olasiz va hujjat sizda qoladi. Bu eng arzon sinov.
8. Yomon belgilarni sanang
Quyidagilardan ikkitasi bo'lsa - ehtiyot bo'ling. Uchtasi bo'lsa - boshqa jamoa qidiring.
"Hamma narsani qila olamiz." Mutaxassislik yo'q degani. Har tarmoqda ham, har texnologiyada ham kuchli bo'lish mumkin emas.
Skoupsiz narx aytadi. Birinchi uchrashuvda aniq summa aytilsa - u taxmin. Keyin u oshadi yoki skoup qisqaradi.
Mijoz referensini bermaydi. Maxfiylik bahonasi ba'zan haqiqiy, lekin bitta mijoz ham topilmasa - savol tug'iladi.
Juda tez rozi bo'ladi. Har talabga "ha, qilamiz" desa - u skoupni o'ylamayapti. Yaxshi jamoa savol beradi va ba'zan "bu kerak emas" deydi.
Faqat narx bilan raqobat qiladi. Raqobatchidan 40% arzon bo'lsa - nima chiqarib tashlanganini so'rang.
Shartnomasi bir sahifa. Bu tartibsizlik belgisi, soddalik emas.
Qanday solishtirish
Uchta jamoani tanlang va har biriga bir xil tartib qo'llang:
Xulosa
Portfolio nimani qila olishini ko'rsatadi. Referens va Discovery esa qanday ishlashini ko'rsatadi - va aynan ikkinchisi loyiha taqdirini hal qiladi.
Amaliy qadamlar:
- Kamida ikki mijoz bilan bevosita gaplashing - bu bepul va eng aniq
- Kod yozadigan odam bilan uchrashing, sotuvchi bilan emas
- Skoup namunasi va shartnoma andozasini oldindan so'rang
- Katta loyihaga o'tishdan oldin Discovery bosqichidan sinang
- Yomon belgilarni sanang - ikkitasi ehtiyotkorlik, uchtasi to'xtash signali
Bizni ham shu usullar bilan tekshiring
Mijoz referensi, jonli tizim va texnik rahbar bilan uchrashuv - hammasi birinchi suhbatdan keyin mumkin.
Loyihani muhokama qilish
Shahbozbek Usmonov
ShahNur Software asoschisi va CEO. ERP, avtomatlashtirish va real ishga tushadigan dasturiy ta'minot haqida yozadi.
Kompaniya haqidaAloqador maqolalar

ERP tanlashdan oldin so'raladigan 12 savol
Taklif olayotganda beriladigan savollar ro'yxati. Ular loyihaning cho'zilishi, byudjetning oshishi va tizimning ishlatilmay qolishining oldini oladi.

IT shartnomasida bo'lishi shart 7 band
Dasturiy ta'minot shartnomasini imzolashdan oldin tekshiriladigan bandlar. Kod mulki, skoup, qabul qilish tartibi va eng ko'p bahs chiqadigan joylar.

Dasturiy ta'minot ishlab chiqish qancha turadi
Nega bir xil loyihaga narx besh baravar farq qiladi, u nimadan tashkil topadi va takliflarni qanday solishtirish kerak. O'zbekiston bozoridagi real oraliqlar.
Loyihangizni 30 daqiqada baholaymiz
Loyihani muhokama qilishMaqolada
